Shavkat Umurzoqov Olmazor tumani aholisi bilan uchrashdi
Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahar hokimligi
24.5K subscribers
2,191 views
0

 Published On Jun 9, 2023

Shavkat Umurzoqov Olmazor tumani aholisi bilan uchrashdi

Tonggi soat 7:30. Toshkent shahar hokimi v.b Shavkat Umurzoqov boshchiligida hokim o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, Olmazor tumani hokimi va sektorlari rahbarlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirishdi. Bu yerda umumiy hisobda 12 ta blokdan iborat bino-inshootlar qurilmoqda. Hokim va uning o‘rinbosarlari qurilish jarayoni bilan tanishish davomida bemorlar va tibbiy jamoa uchun yaratiladigan qulaylik va sharoitlarga alohida e’tibor qaratdilar. Quruvchilarga bunyodkorlikni o‘z vaqtida, sifatli bajarish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shundan so‘ng, Shavkat Umurzoqov Toshkent tibbiyot akademiyasida bajarilgan rekonstruktsiya ishlari bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, qayta qurish hisobiga 1500 o‘rinli bino quvvati 3000 taga oshirildi. Zamonaviy jihozlangan o‘quv va amaliyot xonalari tashkil etildi. Oshxona, o‘qituvchi va talabalarning farzandlari uchun bog‘cha, WI-FI zonalar tashkil etildi. Ayniqsa, eng so‘nggi texnologiyalar asosida jihozlangan maxsus xonalar endilikda talabalar amaliy jarayonlarni shu yerning o‘zida bajarib ko‘rishiga sharoit yaratdi. Rekonstruktsiya ishlari bilan tanishish jarayonida muammo va kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi, xususan, liftlarni maxsus ko‘rigini va uning xulosasi asosida ta’mirlanishini tashkil etish, hududni sug‘orish ishlarini talab darajasida yo‘lga qo‘yish, omborxona qurish va boshqa masalalar mutasaddilar tomonidan atroflicha o‘rganilib, ijobiy yechimi ta’minlanishi bildirildi.

“Xislat” mahallasi aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv fuqarolar yig‘ini hududidagi muammolarni o‘rganish va hal etishga qaratildi. Aholi tomonidan ichimlik suvi bosimining pastligi, ko‘p qavatli uylar tomining ta’mirtalabligi, bolalar uchun sport maydonchalari yetishmasligi, mahallaga sayr qilish hududi kerakligi kabi muammolar ko‘tarildi. Shavkat Umurzoqov kommunal sohadagi kamchiliklar tez orada hal qilinishini, sayilgoh va sport maydonchalari ham shu yilning o‘zida tashkil qilinishini bildirdi. Shuningdek, ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash choralari kechiktirilmasligini aytdi. Farzandini davolatish masalasini ko‘targan ayolning muammosi ham shu yerning o‘zida hal etildi.

“Yoshlik” mahallasida o‘tgan uchrashuvda fuqarolar drenaj tizimidagi muammolar, sug‘orish tizimining talab darajasida emasligi, bolalar uchun futbol, basketbol maydonlari, yoshlar va nuroniylar markazi, shuningdek, avtoturargoh kerakligi yuzasidan murojaat qilishdi.
Hokim har bir masala yechimi bo‘yicha rejalarni bayon etib, mas’ullarga belgilangan muddatlarda bu ishlarni sifatli bajarish yuzasidan topshiriqlarni berdi.

“Gulsaroy” mahallasi aholisi bilan muloqot davomida basseyn hamda bir necha sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan inshootni qurish, mahalla idorasi binosini rekonstruktsiya qilish orqali uning hududida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan aholi bilan manzilli ishlash natijalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, hokim mahalladagi Kar-soqovlar jamiyati a’zolari bilan uchrashib, ularning murojaatiga ko‘ra, tez kunlarda uyi atrofida ayvonchalarni tashkil etish, o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari va svetaforlarni o‘rnatish masalasi hal bo‘lishini bildirdi.

Hududdagi tadbirkorlar bilan muloqot davomida esa ularning biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi takliflarini tingladi. Hokimlik bu ishlar yuqori darajada tashkil etilishi uchun zarur barcha yordamlarni ko‘rsatishini aytib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimining aholi bilan uchrashuvlari davom etadi.

show more

Share/Embed